Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Fernando Redondo: «Zidan buyuk del Boskeni eslatyapti»

1994-2000 yillar oralig'ida «Real Madrid» sharafini munosib  himoya qilgan argentinalik Fernando Redondo ayni payt murabbiylik sohasiga qadam tashlashga hozirlanmoqda.

.
- Yuklab olish

1994-2000 yillar oralig'ida «Real Madrid» sharafini munosib  himoya qilgan argentinalik Fernando Redondo ayni payt murabbiylik sohasiga qadam tashlashga hozirlanmoqda.

Vaqtida tartibli o'yinlari, zargarona uzatmalari bilan ajralib turgan sobiq yarim himoyachi Las-Rosas shahrida bu yo'nalishdagi kurslarda saboq oldi.

U Ispaniyaning AS nashriga bergan intervyusida «Madrid» bag'ridagi yorqin damlarini esga olish barobarida hozirgi jamoa, xususan, uning bosh murabiyi Zayniddin Zidanni alohida e'tirof etdi.

- Bodo Illgner, Kristian Panuchchi, Manuel Sanchis, Roberto Karlos, Fernando Redondo, Kris-tian Karambyo, Klarens Zeedorf, Raul, Fernando Morentes va Predrag Miyatovich - bular ChL-1997|1998 qahramonlari. 1998 yilning 20 may kuni «Yuventus»ni mag'lubiyatga uchratgan o'sha jamoadan qanday xotiralar qolgan?

- Biz uchun finalni o'z foydamizga hal qilish o'ta muhim edi. Chunki  muxlislar oldida qarzdorlikni his etayotgandik, axir jamoamiz naq 32 yil davomida Chempionlar kubogi turniri shohsupasiga ko'tarilolmagandi. Tabiiyki, bu ayniqsa, «Madrid» uchun juda katta muddat edi. O'sha finalda nafaqat o'zimiz, balki qachonlardir «Real» sharafini himoya qilishgan, biroq bunday yuksak g'alabaga erisholmagan buyuk futbolchilar uchun to'p surganmiz. Boshqacha aytganda, zimmamizdagi mas'uliyatni to'liq anglagan holda, o'yinga jiddiy yondashganmiz. Ammo hal qiluvchi bahsda bizni «Yuventus» - o'sha payt a'lo sport formasida bo'lgan dahshatli jamoa kutardi.

- Eslasak, «Real» yakuniy uchrashuvga aynan sizning Dortmundda «Borussiya»ga qarshi kechgan yarim finaldagi ajoyib harakatlaringiz tufayli yo'l olgandi qaysidir ma'noda. Germaniyadagi uchrashuvda qanday o'ynaganingizni «madridchilar» hamon katta hayajon bilan esga olishlari bejiz emas...

- Darhaqiqat, o'sha yarim final bahsida qayd etilgan g'alaba bosh sovrinni qo'lga kiritish yo'lidagi muhim qadam bo'lgandi. Zero, muxlislar bilan to'lib-toshgan stadionda ChLning amaldagi g'olibiga qarshi to'p surish chinakam sinov edi. O'yinning dastlabki daqiqalarida kutilganidek, mezbonlarning katta bosimlariga dosh berishimizga to'g'ri keldi. O'ylaymanki, yarim final qarama-qarshiligida ustun kelishimizda o'z kuchimizga ishonch hissi, iroda va sabr-bardosh muhim ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, ChL bosh sovrinini qo'lga kiritish va muvaffaqiyatni muxlislar bilan baham ko'rish ishtiyoqi ham foyda bergandi.

- Dortmunddagi ajoyib o'yindan keyin aytgan gaplaringizdan iqtibos: «Frantsiya mundialini unutishim uchun aynan shunday to'p surishim kerak edi». Ko'pchilikni haligacha bitta savol qiynaydi: nahotki, Daniel Pasarellaning uzun sochlaringizni qirqib tashlash haqidagi talabini bajarmaganingiz uchungina terma jamoa tarkibidan chetda qolganingiz rost bo'lsa...?

- Bu masalada uzoq gapirish mumkin. Eng asosiy sabab shuki, ikkimizning umumiy qarashlarimiz boshqa-boshqa edi. Oqibatda Pasarella men uchun mundial eshiklarini shunchaki, yopib qo'ydi. Xullas, ChL finaliga yo'l olish o'sha alamlarni tezroq unutishimda dori vazifasini o'tardi. Axir har qanday futbolchi uchun milliy jamoada to'p surish - ulkan sharaf. Shu jumladan, men ham mamlakatim bosh jamoasi o'yinlarida boridan ham ortiq kuch sarflashga intilganman. Shuning uchunmi, ayni kuch-quvvatga to'lgan, yuqori sport formasiga kirgan payt JChdan chetda qolish g'oyat alam uyg'otgandi. Muhimi, «Madrid» bilan ChL g'olibiga aylanib, buning uchun o'ziga xos kompensatsiya olganday bo'ldim. Chunonchi, o'sha yutuq faoliyatim davomidagi eng yorqin sahifadir.

- O'sha payt, ya'ni Yupp Xaynkes davrida «Madrid»ni murabbiy emas, balki futbolchilar boshqarishgani haqida gap-so'zlar urchigandi...

- Yo'q, jamoada Xaynkesning o'rni beqiyos edi, jumladan, u bilan ishlash menga katta foyda bergan. Bundan tashqari, jismoniy tayyorgarligimga javobgar sanalgan Anxel Vilda xizmatlarini ham alohida ta'kidlashim o'rinli. Umuman, «Madrid» shunday buyuk siymolar boshqaruvida har mavsum  muvaffaqiyat qozonishga munosib edi.

- Xotiramiz pand bermasa, ko'pchilik final oldidan «Yuventus»­ni favorit sifatida ko'rsatgandi. Chunonchi, «Madrid» La-ligada katta muammolarga yuz tutgandi.

- Ha, «Yuve» chindan ham, ajoyib mavsumni o'tkazayotgan va tarkibi yulduzlarga to'la edi. «Amsterdam Arena»dagi finalni eslang, italyanlar chakki ko'rinmagandilar. Hozirgacha Madridga qaytgach, aeroportdan Sibeles maydoniga borish yo'lida bolalar, ayollar va qariyalar bizni birdek olqishlaganlari xotiramdan ketgan emas. O'sha manzara madridliklarning ChL kubogini naqadar orzu qilishganidan dalolatdir. G'alabaning eng muhim tomoni shuki, «Madrid» Evropa futbolidagi qonuniy o'rniga qaytgandi.

- Sport gazetalari adadi ham misli ko'rilmagan darajada oshib ketgandi. Madridliklar aynan septima (ChK|ChLdagi ettinchi g'alaba)ni o'zgacha nishonlashgani ta-yin. Keyinchalik oktava, novena, desima va nihoyat, undesima keldi.

- Oktavadan keyin ham fantastik darajada unutilmas atmosfera kuzatilgandi. Ammo aynan 7-zafar «Madrid» uchun Evropa klub futbolidagi asosiy turnirda yangi davrni boshlab berdi.

- 1999|2000 yillar mavsumi «Madrid»ga ChL bo'yicha oktavani taqdim etdi. Deylik, «Old Trafford»dagi ajoyib to'p oshirishingiz turnir bezagiga aylangandi.

- O'sha bahsga qadar «MYu» ChLning amaldagi g'olibi sanalar, boz ustiga, turnir doirasidagi mag'lubiyatsiz seriyasini bir yildan uzaytirgandi. Biz esa «iblislar»ni to'xtatib qo'ydik. O'yindan keyin mezbonlar muxlislarining tik turgan holda olqishlab, bizni xuddi o'z jamoalari kabi kuzatib qo'yishganini eslasam, etim jimirlaydi. Endi uzatmamga kelsak, bu ham ChLga bog'liq bitta yorqin xotira. Zero, o'sha «pas» bizni chempionlik sari undagandi.

- Aytingchi, 1998 va 2017 yilgi finallarning o'zaro o'xshash tomoni bormi?

- Asosiy farq 2ta. Birinchisi - bizning «Real» anchadan buyon sovringa ega chiqmagan va bu borada ishtiyoq kuchli edi. Ikkinchisi - «Real»-2017nikidan farqli o'laroq, La-ligada ishimiz sira yurishmagandi.

- Sizningcha, «Madrid»ga Krishtianu Ronaldu - Karim Benzema - Garet Beyl hujumkor uchligi kerakmi?

- Hozir «Madrid» tarkibi o'ta kuchli va har bir futbolchi foyda keltirishga qodir. O'yinchilar haqida gap ketganda, Serxio Ramosga alohida to'xtalishni istardim. U chin etakchi va ramzdir: jamoadoshlarida ishonch uyg'otmoqda. Marselo ham ta'rifi yo'q hujumkorlik xislatiga ega yigit. Vaqtida Roberto Karlos va Paolo Maldini bilan elkama-elka kurashganman va aytishim mumkinki, Marselo saviya bobida ulardan qolishmaydi. Dani Karvaxal esa jamoa tarbiyalanuvchisi va «Madrid» ruhini olib yuruvchi yigit, xuddi Nacho, Lukas Vaskes va Alvaro Morata kabi. Zayniddin Zidan markazda ajoyib balansni ta'minlamoqda - Luka Modrich, Toni Kroos va Kazemiro. 

- Zidan murabbiylikda ham sizni hayron qoldirdimi?

- Ochig'i, yo'q. U futbolchi sifatida qanday daraja ko'rsatgan bo'lsa, murabbiylikda ham shunday. Zizu bu borada buyuk Visente Del Boskeni eslatyapti. Mana, xuddi Del Boske kabi doimiy bosimga parvo qilmayapti, shuningdek, jamoada yaxshi muhit yaratdi. Umuman, Zidanning murabbiy rolida hali ko'p narsalarga erishishiga shubhalanmayman.

- Kazemiro - Luka Modrich - Toni Kroos uchligi Fernando Redondo, Kristian Karambyo va Klarens Zeedorf bog'lamiga o'xshayaptimi?

- Yo'q. Aslida turli davrlardagi futbolchilarni o'zaro taqqoslash mushkul. Umuman, menimcha, bu yigitlarning o'yin uslublari turlicha. To'g'ri, men ko'pincha markaziy yarim himoyachilar oldidan o'rin olardim, biroq harakat yo'nalishim butunlay boshqacha edi - hujumkorlikka javob berardim. Karambyo esa maydon markazida harakatlar uyg'unligini ta'minlardi. Hozirgi o'rta chiziq vakillarining hech biri unga o'xshamaydi. Ammo alohida tan olishim kerak, bugungi «Madrid»ning o'rta bo'g'ini juda kuchli.

- Endi o'z haqingizda: futboldan ketgach, nimalar bilan shug'ullandingiz?

- Avvaliga Argentinada ko'p yillardan so'ng ilk bora oila muhitida vaqt o'tkazib, chinakamiga rohatlandim. Ammo futbolga qiziqishim aslo so'nmadi.

- 3 nafar farzandingiz bor: Fernando, Luisiana va Federiko. Ular ham «Real» muxlisimi?

- Ha va bundan g'ururlanaman. Axir uchovi ham aynan Madridda tug'ilgan.

- Xo'sh, «Madrid»ga qaytish rejangiz bormi?

- Bilmadim... Bilganim shuki, qalban hech qachon «Madrid»ni tark etgan emasman.

- Murabbiylikda qanday futbolni yo'lga qo'ymoqchisiz?

- Bu haqda gapirishga hali erta. Hozir saboq jarayoni davom etyapti. Xohishimga kelsak, tabiatan kombinatsion va hujumkor futbol tarafdoriman - jamoamda futbolchilar ham, muxlislar ham o'yindan zavq olishsa, bas. Taktika esa tarkibda qanday ijrochilar jamlanishganiga bog'liq.

- Murabbiylardan qay biri ijobiy ta'sir ko'rsatgan?

- Shubhasiz, Visente Del Boske.

- Hozirgilardan kimni e'tirof etasiz?

- Zidan, Maurisio Pochettino, Xosep Gvardiola... Ularning futbolga qarashlari menikiga yaqin.

- Xorxe Sampaolining Argentina termasi bilan muvaffaqiyat qozonishiga ishonasizmi?

- Shundan umidvorman. Argentina futbolining yangi avlodi juda iqtidorli, ammo omad kelmayapti. Hamyurtlarim hozirgacha bir qator sovrinlarni yutishlari mumkin edi, biroq... Misol uchun, jahon birinchiligi finalida yutqazib qo'- yishdi, Amerika kubogi hal qiluvchi bahsida 2 marta muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. Aslida jiddiy sovrinni qo'lga kiritish milliy jamoa uchun ham, Leo Messi uchun ham o'ta muhim...

BestMaster
15 Iyul 2017, 12:10
fernando, redondo, «zidan, buyuk, boskeni, eslatyapti»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 1
 bek94  
Ha tög'ri öwa payt bilan hozirgi paytni futboli tubdan farq qiladi.
16 Iyul 2017, 14:04
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads