Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Transfer ertagi tugamayotgan Neymarning "dunyosi"

Neymar atrofidagi vaziyatlarni o'rganamiz: u do'stlariga maosh to'laydi (ishonavering), ochko'z otasi va maxfiy agentning har bir aytgan gapiga quloq soladi.

.
- Yuklab olish

"Biz Amerikada ko'plab yulduzlarni ko'ramiz, lekin Neymar kabi futbolchilar — bu umuman boshqa daraja. Ularning atrofida aqlbovar qilmas ishlar bo'ladi, haqiqiy kult", – deydi Dreymond Grin Neymar bilan bo'lgan bir nechta uchrashuvlardan so'ng.

Neymar faoliyatining boshlanishi professional futbolchiga nisbatan, ko'proq pop-yulduzni yodga soladi. Nega deysizmi? Sababi, pop-yulduzlarning asosiy xususiyatlari — agentlar jamoasi, menejerlar va do'stlar. Bu yil butun yoz davomida Neymar 2017 yilning jaziramasida dunyo guvoh bo'lgan "film"ning davomiga rejissyorlik qilmoqda: braziliyalik PSJdan ketishni istayapti, unga talabgor klublar esa bir nechtani tashkil qilmoqda — "Barsa", "Real" va "Yuve". Barselona, Madrid yoki Turin — qaerga bo'lsa ham, Neymarning yolg'iz o'zi bormaydi.

Otasi — Neymar da Silva Santos. U o'g'lining transferlaridan tahminan 100 mln ishlab olgan

Roli: omma oldida - Neymarning ovozi, amalda - asosiy tasir o'tkazuvchi agent

Neymarning otasi — zamonaviy ko'rinishda sportchining otasi: u muntazam ravishda vaziyatni qiyinlashtiradi, lekin o'g'lini himoya qilib, uni eng yaxshi futbolchi deb hisoblaydi. So'nggi paytlarda bunday oilalar ko'paygan: yorqin misol — Adrien Raboning onasi va Lonzo Bollning otasi.

Neymarning otasi hozir "pulga cho'milmoqda", biroq hayotda unchalik ham omadi chopmagan.

U ham futbol o'ynagan, ammo eng yuqori cho'qqisi — Braziliyaning to'rtinchi divizioni bo'lgan. Braziliyadagi kuchli inqiroz tufayli 28 yoshida bor-butidan ayrilgan, faqatgina eski "Opel" mashinasi o'zi bilan qolgan. Santos rafiqasi bilan kichik kvartiraga ko'chib o'tadi. O'sha kunlarda Neymar dunyoga kelishi kerak edi. Bu ham etmaganidek, Santos 32 yoshida avtohalokatga uchradi va o'lishiga bir bahya qoldi. Jarohat tufayli tezligini yo'qotdi va futboldagi faoliyatini yakunlab, zargarlik biznesini yo'lga qo'yishga qaror qildi.

Biroq bu biznes orqali ham arzirli pul topa olmadi. Ammo 4 yoshli Neymarning elkasiga omad qushi qo'ndi. SHundan so'ng, ota farzandining karerasiga katta etibor berib, o'g'li uchun oilasi bilan San-Pauluga ko'chib o'tishga qaror qildi. Ota – Neymar hayotidagi eng muhim inson: "Maydondan tashqaridagi kumirim – otam ekanini doim takrorlaganman. Men hamma narsada unga o'xshashni istayman. Qiyin paytlarda u menga qanday yordam berish kerakligini yaxshi biladi. Menga yordam berish uchun dunyoni ostun-ustun qilishga tayyorligiga ishonchim komil", – deydi Ney.

2013 yil Neymarning otasi o'g'li Evropaga ko'chib o'tishini juda paysalga solgandi: "Santos"ga deyarli barcha top-klub vakillari kelar, ota-Neymar esa o'ziga kim ko'proq pul to'lashini hisoblardi. Neymar "Barsa"ga o'tganida Santos nima uchun boshqa klublarga rad javobini berganini tan olib, shunday dedi: "Neymarni sotib olish uchun "Real"ning pullari etmadi".

Natijada bu transferga Ispaniya va Braziliya prokuraturasi "qiziqib qoldi": transfer summasi suniy ravishda pasayganidan gumon qila boshladilar (94,8 o'rniga 57,1 mln) — sababi kamroq soliq to'lash. Ushbu ish bilan bog'liq barcha shaxslarni (shu jumladan, Neymarning otasini ham) sudga chaqirishdi. Bu jarayon davomida qiziq detallar paydo bo'la boshladi. "Santos" prezidenti Luis Ribeyro shunday degandi: "Bir narsani aytishim mumkin: Neymarning otasi – dardi faqat pul bo'lgan yolg'onchi inson. Masalan, men uning qahvasi uchun 200 marotaba pul to'lashimga to'g'ri kelgan. U hamma narsa uchun haq talab qiladi".

Piar-menejer Eduardo Musa 2015 yil ketganidan so'ng (bu haqida quyida batafsilroq o'qishingiz mumkin) Neymarning otasi o'g'lining karerasi bilan bog'liq boshqaruvni o'z qo'liga oldi: media bilan gaplashdi, brendlar bilan hamkorlik va transfer bo'yicha qarorlarga ham o'zi bosh-qosh bo'ldi.

Neymarni PSJga o'tishga kim majbur qilgani nomalum. Biroq bundan faqat uning otasi foyda ko'rdi. Parijdagi ikki yillik safar xuddi Bonuchchining "Milan"dagi yoki Di Mariyaning PSJdagi transferi kabi manosiz bo'ldi. Ammo bu ish orqali ota PSJdan 36 mln bonus hamda "Barsa" bilan shartnomani uzaytirgani uchun 26 mln bonus oldi (bu pullar qaerdan va qanday kelgani hamon nomalum. SHu sababli, ular hali ham sudlashib yurishibdi).

Agar shu yozda Neymar klubini o'zgartirolsa, umumiy hisobda futbolchining transferlariga sarflangan komissiya pullari 50 milliondan oshib ketadi. Ha, to'rtinchi divizionda o'ynagan yigit uchun bu yaxshigina summa.

Onasi — Nadin da Silva Santos: daromadlarni yashirganlikda gumon qilingan. U o'g'lini doim himoya qiladi

Roli: o'g'lini qo'llab-quvvatlash va uni himoya qilish.

Neymarning onasi eriga nisbatan mediada kamroq namoyon bo'ladi, ammo u Neymar hayotidagi eng muhim insonlardan biri. Qahramonimizning ota-onasi 2008 yil eri  bilan ajrashgan, biroq o'g'il doim onasi bilan muloqot qilib turadi.

Neymarning imidj huquqlariga egalik qiluvchi "NRSport"ning 50% daromadi Nadinga tegishli. SHuning uchun, 2016 yil u ham sudga chaqirilgan. Sababi, daromadlarni yashirganlikda gumon qilingandi.

Nadin Braziliyada yashaydi va Neymarning ishlariga deyarli aralashmaydi — hammasiga futbolchining otasi javob beradi. Yuqorida takidlaganimizdek, u o'g'lini (asosan, instagram orqali) qo'llab-quvvatlab turadi. 2019 yilning iyun oyida Neymarni zo'ravonlik qilganlikda ayblashdi. Nadin esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga rasm joylab, shunday izoh yozib qoldirdi:

"Hozir vaziyat og'ir. Aslida nima bo'lgani faqat yaratganga ayon. O'sha ayolni kechir, o'g'lim. Biz, onang va singling, ayol sifatida u xato qilgani va uning boshidan nimalar o'tayotganini tushunib turibmiz. Men seni juda ham yaxshi ko'raman va har kuni sen uchun duodaman".

Neymar ham onasini esidan chiqarib qo'ymaydi: u onasi bilan muntazam uchrashib turadi. 2017 yil may oyida "Las-Palmas" darvozasiga urgan golini onasiga bag'ishlagan — o'sha kuni Nadinning tug'ilgan kuni edi.

Agent — Pini Zaxavi: u "Barsa"ga o'tishdek super-qiyin transferni amalga oshirdi

Roli: muzokarachi, murakkab transferlar bo'yicha mutaxassis, "Barsa"ning bosh og'rig'i.

Pini Zaxavi - Rayola yoki Mendesh kabi mashhur emas, biroq siz uning transferlari haqida eshitganingiz aniq: isroillik agent rekord transferni amalga oshirgan: Rio Ferdinand 2002 yil "Lids"dan "MYU"ga o'tishi, Abramovich 2003 yil "CHelsi"ni sotib olishi, de Bryuyne va Lukaku "CHelsi" safini to'ldirishlarida katta yordam bergan.

Zaxavi juda sirli odam: odatda noqonuniy firmalar orqali ishlaydi va uning biror transferdagi ishtirokini aniq aytishi qiyin. Isroillikning mutaxassisligi – imkonsiz bitimlar. "Men amalga oshira olmagan narsaning o'zi yo'q. Dunyo futbolida men kirmagan va qo'lim tegmagan burchakning o'zi yo'q", — degandi agent "EIC"ga bergan intervyusida.

Zaxavi 2016 yildan buyon Neymar bilan birga ishlaydi. Agar o'yinchining oilasi qaror qabul qilsa, Zaxavi – o'sha qarorning ijrosini taminlovchi shaxs sanaladi va kamdan-kam hollarda o'z fikrini bildiradi. Pini ajoyib ishladi va ikki marotaba "Barsa"ni "mag'lub etdi":

• 2016 yil oktyabrda – Neymar "Barsa" bilan 2021 yilgacha bo'lgan yangi shartnoma imzoladi. Bitim hamma uchun foydalidek tuyulgandi: katalonlar yulduzni saqlab qolish uchun kafolat oldilar, Neymarning maoshi esa 32 million bo'ldi, otasi esa – 26 millionga ega chiqdi.

• Kelasi yil yozda agent Neymarni PSJga o'tishga majburladi. Albatta, "Barsa" bunga qarshi chiqdi, ammo transfer 222 million evro (!) evaziga amalga oshdi. Bu ishning boshida ham aynan Zaxavi turgan. "Barsa" 222 million ishlab oldi, biroq asosiy yulduzlaridan birini qo'ldan chiqardi va uning o'rnini bosa oladigan o'yinchi hali ham topmadi: Koutino "Barsa"da o'ynab keta olmaganiga barchangiz guvohsiz.

Neymarning PSJga o'tishi Levandovskiyni hayratga soldi va u 2017 yil agentini ishdan bo'shatib, Zaxavi bilan ishlashga qaror qildi (polyak "Real"ga o'tishiga ishongandi).

2019 yil yozda Zaxavi "qaytish transfer"idan qochishga va o'yinchi uchun 200 milliondan kam pul to'lamaydigan klubni topishga harakat qilishni boshlab yubordi. Vazifa og'ir, ammo kimdir bu ishning uddasidan chiqadigan bo'lsa — bu albatta, Zaxavi bo'ladi!

Professional do'stlar: ular doim Neymar bilan sayohat qilishadi, u bilan yashab, bu uchun maosh ham oladilar

Roli: dam olish va ko'ngilxushlik qilish.

Ota va agent futbolchi uchun muhim, biroq har kuni Neymar bilan suhbatlashib, birga sayr qiladiganlar — uning do'stlari!

Bir necha faktlar:

• 2013 yil Neymar "Barsa"ga o'tdi. O'shanda u bilan taqdimotga uning bir guruh do'stlari ham borgandi. Prezident Sandro Rosselning so'zlariga ko'ra, klub o'shanda 15 kishining parvozi uchun 300 ming evro sarflagan ekan.

• O'yinchining bir guruh do'stlari "Kamp Nou"dagi taqdimotda "toiss" yozuvi (brazilcha "noiss" so'zidan kelib chiqqan bo'lib — "biz" degan manoni bildiradi) tasvirlangan futbolka kiyib o'tirgan ekanlar. Buni Neyning do'stlari o'ylab topgan emish.

• 2017 yil Neymar PSJga o'tganida "guruh"idagilarning soni sezilarli darajada oshdi: Parijga 40ta odam uchib bordi. 2017 yil Neymar do'stlari uchun 10 kishilik xususiy djet sotib oldi.

• Uning do'stlari doim yonida, lekin ular futbolga halal bermaydi. 2016 yilgi Olimpiadada ular Rioga keldilar va Neymar bilan yonma-yon yashadilar; Braziliya termasi bosh murabbiyi Erasmo Damiani ularning namunali xatti-harakati haqida shunday degan: "Olimpiadada Neymarning do'stlari bilan bog'liq hech qanday muammo bo'lgani yo'q. U jamoa yashaydigan mehmonxonada uning do'stlari ham bo'lishini xohladi. Ular juda odobli, bizning grafik bo'yicha ish qildilar va aytilgan vaqtda Neymar bilan ko'rishdilar".

2017 yil ular do'stlik belgisi sifatida tatu chizdirdilar.

Neymar bilan doim yangi insonlar tanishishga harakat qiladi, ammo otasi uni begonalardan himoya qilishga urunadi. Uning doimiy guruhida 30-40 kishi bor, lekin eng yaqin do'stlari 4ta: Gil Sebola, Xota Amansio, Gustavo Almeyda va Karlos Enrike. Ular Parij yaqinidagi uylarda yashaydilar va oyiga 10 ming evro maosh oladilar. Neymar do'stlariga pul to'lashga qarshi emas, biroq buning evaziga sadoqat va vafodorlikni talab qiladi: ommaviy axborot vositalari va begonalarga hech qanday malumot bermaslik!

"Neymar doim bosim ostida yashaydi. U stressni engib o'tishida unga yordam berishga harakat qilamiz. Unga futbol haqida gapirmaymiz va asosiy vaqtni ko'ngilxushlik, sayohat, maroqli suhbat bilan o'tkazishga harakat qilamiz", — deydi Karlos Enrike "Globo"ga bergan intervyusida.

So'nggi yillarda Neymarning do'stlari ham ommaga anchagina tanildilar va ijtimoiy tarmoqlarda ham kattagina auditoriyaga ega bo'lib oldilar: ular orasida eng etakchisi – Amansio (instagramida 632 ming obunachisi bor, Sebolada esa  – 519 mingta). Sebola fotograf bo'lib ishlaydi va Neymarning ijtimoiy tarmoqlariga rasm joylashtirib boradi. 2017 yil u "Google"ning reklamasida ham ishtirok etgan.

Qiz dugonalar: ularni har yili almashtiradi, ular Neymarning instagramini "bezaydi"

Roli: Neymar bilan suratga tushish.

Albatta, Neymar bor vaqtini faqat do'stlari bilan ko'ngilxushlik uchun sarflamaydi. Uning zaif tomoni — chiroyli qizlar.

Neymarning suyukli qizi bo'lish juda oson: buning uchun Braziliyada yashash (negadir u vatandoshlari bilan uchrashishni afzal ko'radi), ommaviy sohada ishlash (model, aktrisa yoki bloger, yagona istisno holat — advokat Elizabet Martines) va chiroyli qomatga ega bo'lish.

Qizlar braziliyalikka tasir ko'rsatmaydi, aksincha ular dekorativ vazifani bajaradilar: o'yinchining instagram sahifasiga ajobiy suratlar joylanishiga sababchi bo'ladilar. Uning xonimlarga nisbatan samimiy tuyg'ulari bormi yoki ularni faqat navbatdagi atribut sifatida qabul qiladimi - bu bizga qorong'u. Neymar deyarli har yili qiz dugonasini almashtiradi, qolaversa vaqt kamligi tufayli ular bilan juda kam uchrashadi. SHunga qaramay, Neymar yagona sevgilisi bo'lishi va umrbod bir ayol turmush qurib, u bilan baxtli hayot kechirishni orzu qilishini tan olgan:

"Men suyukli ayolimni uchratishni, unga uylanib farzandli bo'lishni istayman. Bu haqida do'stlarimga ham juda ko'p gapiraman", — degan edi braziliyalik "SporTV"ga bergan intervyusida.

Neymarning hayotida o'chmas iz qoldirgan qiz – Karolina Dantas bo'ladi: 2011 yil (Neymar 19 yoshda edi) u o'g'il farzand ko'radi. Hozir Luka 8 yoshda. Bolakay onasi bilan Braziliyada yashaydi. Neymar oyda bir marta bo'lsa ham farzandi bilan uchrashib, u bilan vaqtini o'tkazishga harakat qiladi.

Neymarni g'amxo'r ota sifatida ko'rishga o'rganmaganmiz, biroq u o'g'lini rostdan ham yaxshi ko'radi: "Luka uzoqda ekani meni qiynaydi. U bilan deyarli har kuni telefon orqali gaplashishga harakat qilaman".

Bonus: sobiq-menejer Eduardo Musa

Roli: avval – reklama va imidj huquqlari bo'yicha menedjer bo'lgan. 2015 yildan buyon Neymar jamoasining asosiy "xeyteri" (inglizcha "hate" — "nafratlanmoq" so'zidan olingan).

Hozirda menejerlarning butun jamoasi Neymar bilan birga ishlaydi, ammo eng qiziquvchan inson – Eduard Musa edi. Eduardo va Neymar 2010 yil "Santos"da tanishgan: Musa o'yinchilarning reklama faoliyati bilan shug'ullanar, Ney esa asosiy tarkibda to'p tepayotgandi. 2011 yil Neymar klublar o'rtasidagi Jahon CHempionati finalida "Basa"ga qarshi bahsda maydonga tushdi va bir zumda pop-yulduzga aylandi. SHundan so'ng, Eduardo "NRSport"ga ishga kirdi (Neymarning otasiga tegishli firma).

Musa juda katta vazifani o'z bo'yniga oldi: har erda Neymarga hamrohlik qildi, unga ingliz tilini o'rgatdi, reklama beruvchilar bilan bitimlar imzoladi va uning matbuot kotibi bo'lib ishladi. Biroq asta-sekinlik bilan Eduardo va Neymarning otasi o'rtasida ziddiyatlar kelib chiqa boshladi. Ular ko'p narsalarda kelishi olmadilar, masalan, Neymarning atrofidagi voqealar bo'yicha: Musaning fikricha o'yinchining do'stlari uning imidjiga putur etkazar ekan. "Ular Neymar uchun juda muhim ekaniga shubham yo'q edi. Biroq men ularni professionallarga aylantirishga harakat qildim: fotograflar, menejerlar. Lekin otasi bunga qarshi chiqdi", – deydi Eduardo.

2015 yil Eduardoning shartnomasi muddati o'z nihoyasiga etganida, hammaning sabr kosasi to'lgandi: Futbolchining otasi Musaning bitimlardan topayotgan foiz daromadi 20dan 10ga tushurilishini xohladi. Natijada shartnomani uzaytirishmadi. SHu sababli, 2015 yildan buyon ota o'z o'g'lining barcha ishlariga bosh-qosh bo'lib kelmoqda. Avvaliga erkinlik Musaga juda yoqdi ("Futbolchi bilan ishlash qiziqarli, ammo juda qiyin: oilamni oyda bir marta ko'rardim") va Braziliya eshkak eshish federaciyasiga ishga o'tdi. Biroq keyin yana o'tmishini qumsay boshladi.

Neymarning otasiga tegishli bo'lgan kompaniya Musaga ikki million qarz bo'lib qolgan. SHu sababli, agent 2016 yil "NRSport"ni sudga berdi (bu ish hali ham davom etmoqda). 2019 yil iyulda Eduardo "L’equipe" bergan intervyusida o'yinchining otasi haqida quyidagicha fikr bildirdi:

"Uning otasi o'zini professionalman deb o'ylaydi, aslida esa undaymas. Neymar – ajoyib va saxiy yigit. Biroq unga mos bo'lmagan obraz yaratib berishgan. Bunga uning otasi javobgar. To'rtinchi divizionda o'ynagan inson boshqa bir futbolchining faoliyatini malakali tarzda boshqara olishining iloji yo'q. Agar Neyning o'rnida bo'lganimda, atrofimga malakali mutaxassislarni to'plagan bo'lardim. Lekin u bu haqida o'ylab ham ko'rmaydi".

"Neymar va uning jamoasi faqat biznes, restoran hamda tungi ko'ngilxushlik haqida o'ylaydi. Ular futbolni sevmaydilar, hattoki birorta sport turiga qiziqmaydilar".

Ha, Eduardo qisman bo'lsa-da haq! Neymar so'nggi 2 yil ichida imidjini tiklay olmadi. Yangi jamoa safiga o'tish – Neymar hali ham ajoyib tarzda futbol o'ynay olishini isbotlashi uchun bir imkondir.

Nozima Zaripova tarjimasi

BestMaster
4 Sentabr 2019, 09:34
transfer, ertagi, tugamayotgan, neymarning, dunyosi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads